Yangiliklar

RASMIY MUNOSABAT

RASMIY MUNOSABAT

Daryo.uz va Nasafnews.uz saytlarida e’lon qilingan “Qashqadaryoda tomchilatib sug‘orish uskunalarini o‘zlashtirgan fermer xo‘jaliklari aniqlandi” nomli maqolaga Suv xo‘jaligi vazirligining RASMIY MUNOSABATI

 

2017-yildan buyon ekin maydonlarda kengaytirilgan tartibda suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.

Xususan, 2017-yilgacha respublika bo‘yicha suv tejovchi texnologiyalar jami 19 ming gektar maydonda joriy qilingan bo‘lsa, 2017–2023-yillarda mazkur ko‘rsatkich 1,3 mln gektarni tashkil qildi hamda sug‘oriladigan maydonga nisbatan ulushi 30 foizga yetdi.

Kredit ajratish, subsidiyalar berish, yengillik va imtiyozlar taqdim etish hisobiga fermer, klaster tashkilotlari va boshqa qishloq xo‘jaligi ishlab chiqaruvchilarida zamonaviy texnologiyalarga qiziqish va rag‘bat kuchaymoqda.

Guruch kurmaksiz bo‘lmaganidek, suvni tejovchi texnologiyalarni qurish jarayonida ayrim nopok quruvchi-pudrat korxonalari tomonidan byudjet mablag‘larini talon-toroj qilishga urinish holatlari uchrab turibdi. Bu borada prokuratura va boshqa tegishli organlar tomonidan Davlat byudjetidan ajratilayotgan mablag‘lar qay tartibda o‘zlashtirilishi va natijasi doimiy monitoring qilib borilyapti.

Misol uchun, 2020-2021-yillardagi o‘rganishlar davomida suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilish bo‘yicha yetarli malakaga ega bo‘lmagan quruvchi korxonalar  fermer xo‘jaliklarining ishonchiga kirib, aldov yo‘li bilan ularning mablag‘larini o‘zlashtirib, texnologiyani o‘z vaqtida ishga tushirib bermaslik va sifatsiz mahsulotlar o‘rnatib ketish holatlari ham aniqlangan.

Shu kabi, Qashqadaryo viloyati Mirishkor tumanidagi 6 ta fermer xo‘jaligi ham 2020-yilda 149 gektar paxta maydonida tomchilatib sug‘orish texnologiyasini joriy qilish bo‘yicha Turkiya davlatining “Serende Ambalaj” SAN.TIC.A.S korxonasi bilan pudrat shartnomalarini rasmiylashtirgan.

Biroq, ushbu subyektlar o‘rtasida tuzilgan ikki tomonlama shartnoma turk tilida rasmiylashtirilganligi bois, shartnoma shartlariga ko‘ra barcha uskunalarni Turkiya davlatidan olib kelish xarajati, elektr energiya tarmog‘ini tortish hamda transformator xarid qilish bo‘yicha barcha xarajatlar fermer xo‘jaliklarining zimmasiga tushib qolgan.

Shu sababli, 2 ta fermer xo‘jaligi tomonidan barcha xarajatlar to‘lanib, uskunalar bojxona omborxonasidan olib chiqilgan, qolgan 4 ta fermer xo‘jaligi yuqoridagi xarajatlarni to‘lash imkoniyati bo‘lmagan uchun 2020-yilda 149 gektar paxta maydonida tomchilatib sug‘orish texnologiyasi ishga tushmasdan qolgan.

Mazkur holatlar bo‘yicha Bosh prokuratura va uning hududiy organlari tomonidan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan.

Aldanib qolgan ushbu fermer xo‘jaliklariga davlat byudjetidan subsidiya mablag‘lari xam ajratilmagan, kredit mablag‘larini oyma-oy to‘lashda ham qiyinchiliklar yuzaga kelganligi sababli quruvchi-pudrat tashkilotlarining reyting va baholash tizimi amaliyotga joriy qilindi.

Jumladan,  O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 1-martdagi PQ-144-sonli qaroriga asosan suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy etish ishlarini sifatli amalga oshirgan hamda bozor iqtisodiyotida erkin raqobat talablariga to‘liq javob bera oladigan «Tomchi-reestr» pudrat korxonalarining yagona elektron reyestri ishlab chiqilgan.

Mazkur yagona elektron reyestr natijasida 2022-2023-yillarda belgilangan mezonlarga javob bera oladigan 82 ta korxona ro‘yxatdan o‘tib, ushbu davrda Davlat byudjeti va subsidiya mablag‘larini talon-toroj qilish holatlari kuzatilmadi.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Quyi bo‘g‘inda suv resurslarini boshqarish tizimini takomillashtirish hamda suv resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2024-yil 5-yanvardagi PQ–5-son qarori bilan respublikamizda suv resurslaridan foydalanish samaradorligini yanada oshirish maqsadida  bir qator yanada muhim iqtisodiy islohotlar amalga oshirildi.  Xususan,  «Tomchi-reestr» pudrat korxonalarining yagona elektron reyestrini shakllantirish tartibi yanada takomillashtirildi.

Shuningdek, 2024-yildan boshlab suvni tejaydigan sug‘orish texnologiyalarini joriy qilish bo‘yicha shaffof onlayn kredit ajratish imkonini beruvchi «suvkredit.uz» elektron tizimi ishga tushirildi.

Natijada kredit rasmiylashtirish jarayonining shaffofligi, ya’ni barcha bosqichlarni onlayn kuzatib borish;

kreditlar asosida joriy qilinadigan suvni tejaydigan sug‘orish texnologiyalari faqat ishchi loyihalar asosida qurilishi;

pudrat tashkilotlar tomonidan har bir loyiha bo‘yicha kamida 2-yillik kafolat muddati berilishi hamda 5-yil davomida servis xizmatlari ko‘rsatilishi;

kredit oluvchilar tomonidan pudrat tashkilotlarning faoliyatini baholab borish hamda reyting tizimi yuritilishi;

kredit oluvchi qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilarini suvni tejaydigan sug‘orish texnologiyalaridan samarali foydalanishga o‘qitish orqali servis va konsultativ xizmatlar ko‘rsatish imkonini bermoqda.

Mazkur qarorda belgilangan vazifalardan kelib chiqib, “Suvchilar maktabi”da respublikamizdagi quruvchi-pudrat tashkilotlarining 1500 nafardan ortiq loyihachi, agronom, muhandis va boshqa kadrlarining malakasi oshirildi hamda test sinovlari natijasi bo‘yicha ularga sertifikatlar berildi. O‘quv mashg‘ulotlariga xorijdan malakali mutaxassislar jalb qilingan.